Yarmarka O‘zbekistonni jozibador va istiqbolli turizm yo‘nalishi sifatida targ‘ib etishga salmoqli hissa qo‘shib, mahalliy hamda xorijiy kompaniyalar o‘rtasida yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi. Taqdim etilgan eksklyuziv turistik yo‘nalishlar va hududlarning boy madaniy merosi mamlakatning turli maskanlariga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirib, hamkorlikni rivojlantirish hamda turistlar oqimini ko‘paytirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.
Shuningdek, yarmarka xalqaro miqyosda keng yoritildi — tadbir 100 dan ortiq nufuzli mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilindi. Bu esa O‘zbekistonning dunyo miqyosidagi taniqlilik darajasini oshirishga sezilarli hissa qo‘shdi.
Uch kun davom etgan yarmarka doirasida 44 ta stend ostida yuzdan ortiq mahalliy va xorijiy turizm sohasi vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, B2B uchrashuvlar tashkil etilib, ular doirasida minglab muzokaralar o‘tkazildi hamda qator kelishuv va bitimlar imzolandi. Ta’kidlash joizki, joriy yilda Xitoy Xalq Respublikasi ilk bor milliy stendi bilan yarmarkada ishtirok etdi. Bundan tashqari, Ozarbayjon Respublikasi hamkor mamlakat maqomida qatnashib, tadbirning xalqaro ahamiyatini yanada oshirdi va hamkorlik formatini kengaytirdi.
“Hosted Buyers” — professional xaridorlar dasturida 10 ta xorijiy va 30 dan ortiq mahalliy turistik kompaniyalar ishtirok etdi. Dastur doirasida minglab muzokaralar o‘tkazilib, mos ravishda kelishuvlarga erishildi.
Yarmarkaga 15 mingdan ortiq kishi tashrif buyurdi, ular orasida 72 ta xorijiy davlatdan vakillar ham bor. Ayniqsa, Fransiya, Germaniya, Yaponiya, Buyuk Britaniya va Niderlandiya kabi davlatlar delegatsiyalarining ishtiroki alohida ahamiyatga molik.
Bulardan tashqari, yarmarka doirasida tematik panel sessiyalar, mahorat darslari, “UzAiro” xalqaro aviatsiya forumi, “Delicious Uzbekistan” (“Mazali O‘zbekiston”) xalqaro pazandachilik chempionati (unda dunyoning 30 dan ortiq davlatidan 200 dan ziyod oshpazlar ishtirok etdi), hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi, turizm ta’limi forumi, “Global Tourism Media Campus”, etnomadaniyat festivali, “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” formatidagi birinchi turizm forumi hamda Islom Hamkorlik Tashkiloti mamlakatlari turizm vazirlari konferensiyasi raisligida o‘tkazilgan IHT Turizm forumi tashkil etildi.