Press-relizlar
Toshkentda 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi «Ipak yo‘lida turizm» va Birinchi xalqaro turizm investitsiya forumi bo‘lib o‘tadi
2026-yil 25–27-noyabr kunlari Toshkent shahridagi CAEx Uzbekistan ko‘rgazmalar majmuasida “Ipak yo‘lida turizm” 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi hamda yarmarka doirasida tashkil etilayotgan Birinchi xalqaro turizm investitsiya forumi, shuningdek, Toshkent shahridagi Congress Hall majmuasida BMT Turizm bilan hamkorlikda “2027-yilni Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili” deb e’lon qilish tashabbusining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Tadbirlar doirasida bugungi kunda 45 ga yaqin mamlakat, 600 dan ortiq xorijiy kompaniya va 20 ga yaqin xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Tashkilotchilar: O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi huzuridagi Milliy PR-markaz va Iteca Exhibitions xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi; UN Tourism Jahon turizm tashkiloti ishtirokida.
TXTY — Markaziy Osiyo turizm sohasidagi muhim voqealardan biri bo‘lib, davlat, biznes va xalqaro hamkorlar o‘rtasida muloqot olib borish uchun muhim maydon hisoblanadi. Bu yerda milliy turizm tashkilotlari, turoperatorlar, aviakompaniyalar va investorlar yangi sayyohlik yo‘nalishlari hamda qo‘shma loyihalarni muhokama qiladilar. Sayohatchilar esa o‘zlari uchun yangi manzillarni kashf etish, mamlakatlar vakillari bilan bevosita muloqot qilish va navbatdagi safarlari uchun yangi g‘oyalar hamda ilhom olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
TXTY 2026 ko‘rgazmasida Belarus Respublikasi, Germaniya, Gruziya, Hindiston, Latviya, Malayziya, Maldiv orollari, Niderlandiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Rossiya, Tailand, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Vyetnam, Xitoy / Gonkong, O‘zbekiston va Chexiya kabi davlatlardan turizm, transport va mehmondo‘stlik sohasi vakillari ishtirok etadi.
Yarmarka doirasida quyidagilar taqdim etiladi:
- yangi sayyohlik yo‘nalishlari va marshrutlar — tropik orollar va dengizbo‘yi kurortlaridan tortib, rang-barang shahar sayohatlari hamda madaniy turlargacha;
- turoperatorlar, aviakompaniyalar, mehmonxonalar va kurortlar tomonidan taqdim etiladigan maxsus takliflar va manfaatli shartlar;
- sanatoriy-kurort va sog‘lomlashtirish maskanlarida dam olish, Ayurveda, terini parvarishlash;
- ekologik va gastronomik turizm;
- mamlakatlarning milliy stendlari, ularda hududlar taqdimotlari, milliy hunarmandchilik namunalari va milliy taomlar namoyish etiladi;
- turizm sohasidagi investitsiya loyihalari va xalqaro hamkorlik imkoniyatlari.
TXTY 2026 ekspozitsiyasida milliy turizm tashkilotlari, turoperatorlar, aviakompaniyalar, mehmonxonalar tarmoqlari, kurortlar va travel-tech kompaniyalari o‘z xizmat va imkoniyatlarini namoyish etadi. Asosiy e’tibor yangi sayyohlik yo‘nalishlari va marshrutlarini taqdim etish, xalqaro turistik aloqalarni mustahkamlash, madaniy, gastronomik va sog‘lomlashtirish turizmini rivojlantirish, shuningdek, sayohatlarni yanada qulay va oson tashkil etishga xizmat qiluvchi raqamli yechimlarga qaratiladi. Dasturdan mamlakatlar va O‘zbekiston hududlari taqdimotlari, B2B uchrashuvlar, forumlar, soha ekspertlari ishtirokidagi panel munozaralari, hunarmandchilik ko‘rgazmasi hamda milliy taomlar gastronomik taqdimotlari o‘rin olgan.
Mehmonlarni Ozarbayjon, Belarus Respublikasi, Gonkong (Xitoy), Gruziya, Qirg‘iziston, Malayziya, Tailand, Turkiya va Chexiyaning yorqin milliy pavilyonlari kutmoqda. Adjariya (Gruziya) Qora dengizbo‘yi mintaqasining kurort imkoniyatlari va yangi turistik mahsulotlarini taqdim etadi. Belarus esa sanatoriy-kurort maskanlarida dam olish, madaniy meros obyektlari, ekologik va gastronomik sayohat yo‘nalishlari bilan tanishtiradi. Malayziya o‘zining Visit Malaysia 2026–2027 milliy kampaniyasi bilan ishtirok etib, zamonaviy megapolislar, tropik tabiat va orol kurortlarining betakror uyg‘unligini namoyish etadi. Gonkong esa «Faqat Gonkongda» loyihasi doirasida mehmonlarni yilning istalgan faslida yuzlab taassurotlar hadya etadigan, o‘ziga xos jozibaga ega shaharni kashf etishga chorlaydi.
Ko‘rgazmada O‘zbekistonning barcha 14 ta hududi, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ham keng ko‘lamda va yorqin tarzda namoyish etiladi. Turizm sohasi mutaxassislari, ekspertlar va professional ishtirokchilar mahalliy turizm bozori vakillari bilan ham, xalqaro hamkorlar bilan ham uchrashish, bevosita muloqot o‘rnatish va yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Joriy yilgi yarmarkaning markaziy voqealaridan biri Xalqaro turizm investitsiya forumi bo‘lib, u turizm sohasi vakillari, investorlar, biznes hamjamiyati hamda xalqaro hamkorlarni bir maydonda jamlaydi. Forum turizm sohasidagi investitsiya loyihalarini muhokama qilish, yangi hamkorlik imkoniyatlarini izlash va istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashish uchun muhim muloqot maydoniga aylanadi.
Forum dasturidan panel sessiyalari, investitsiya loyihalari taqdimotlari, xalqaro investorlar va ekspertlar ishtirokidagi muhokamalar, davlat organlari bilan G2B hamda biznes vakillari o‘rtasidagi B2B uchrashuvlari o‘rin oladi. Shuningdek, xalqaro moliya institutlari va salohiyatli investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar tashkil etiladi.
Toshkent shahridagi Congress Hall majmuasida BMT Turizm bilan hamkorlikda “2027-yilni Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili” deb e’lon qilish tashabbusining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi.
2024-yil 26-fevral kuni Nyu-York shahridagi BMT bosh qarorgohida Tashkilot Bosh Assambleyasi tomonidan “2027-yil – Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili” rezolyutsiyasi bir ovozdan ma’qullandi. O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ilgari surilgan ushbu rezolyutsiyaga 80 dan ortiq a’zo mamlakat hammualliflik qildi.
Tadbir doirasida barqaror va yashovchan turizmni rivojlantirishga qaratilgan maxsus Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 2026-yilda Maltada BMT Turizm Bosh kotibi Shayxa Al Nuways bilan Niyatlar to‘g‘risidagi bitim (Letter of Intent) imzolanganligi ham mazkur xalqaro hamkorlikning muhim bosqichlaridan biridir.
TXTY 2026 turizm sohasi mutaxassislari, biznes vakillari va diplomatik korpus a’zolarini turli mamlakatlarning milliy turizm tashkilotlari hamda kompaniyalari bilan bevosita aloqalar o‘rnatish, qo‘shma loyihalar va istiqbolli sayyohlik yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun bir maydonda jamlaydi. Sayohatchilar uchun esa yarmarka uch kun davomida o‘nlab yangi sayyohlik manzillari bilan tanishish, turoperatorlar va aviakompaniyalar takliflarini o‘zaro taqqoslash hamda navbatdagi ta’til uchun eng maqbul sayohat variantini tanlash imkoniyatidir.