31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi "Ipak yo`lida turism - TXTY 2026"

25 - 27 noyabr 2026, CAEx Uzbekistan / Toshkent

Yangiliklar (for all)

O‘zbekiston va Ummon muntazam aviaqatnovlar sonini oshirishni rejalashtirmoqda

Shavkat Mirziyoyev 17 noyabr kuni Maskatda o‘zbek-ummon biznes-forumining ochilishida ishtirok etdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Tadbirda Ummon bosh vazir o‘rinbosari Zeyazin bin Heysam al-Said, vazirlar, yetakchi kompaniyalar va moliya institutlari rahbarlari, shuningdek, ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston rahbari joriy yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi oshganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, ikki mamlakatning mavjud iqtisodiy salohiyati hali to‘liq ishga solinmaganini u qayd etdi. Istiqbolda tovar ayirboshlash hajmini $1 mlrdga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.

Tomonlar Mirziyoyev tashrifi doirasida $5 mlrdlik qo‘shma loyihalar portfelini shakllantirdi. Prezidentning ta’kidlashicha, erishilgan kelishuvlar soni emas, balki ularning amaliy natijalari muhim ahamiyatga ega.

Forumda hamkorlik uchun beshta ustuvor yo‘nalish taklif etildi:

  • sanoat kooperatsiyasi;
  • transport va logistika;
  • zamonaviy shaharsozlik va turizm;
  • mineral resurslarni o‘zlashtirish;
  • moliya va raqamli texnologiyalar.

Xususan, ta’kidlanganidek, ummonlik elektrotexnika ishlab chiqaruvchilari bilan kabel va transformator mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarish hamda ularni keyinchalik Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, prezident Ummon dengiz portlarining imkoniyatlarini mintaqadagi O‘zbekistonning strategik salohiyati bilan birlashtirish muhimligini ta’kidladi.

Sohar shahrida logistika infratuzilmasini yaratish, yagona savdo-logistika platformasini ishga tushirish, aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish va yuk havo tashuvlarini yo‘lga qo‘yish tashabbusi ilgari surildi.

Mirziyoyev ummonlik investorlarning Yangi Toshkent loyihasidagi ishtirokini baholab, rejalashtirilayotgan «Maskat» kvartalini alohida qayd etdi. Kimyo sanoati, geologiya-qidiruv ishlari va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash sohalaridagi qo‘shma investitsiya loyihalari ham tilga olindi.

Bundan tashqari, moliya va raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlik kengaymoqda. Kosmik sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish bo‘yicha qo‘shma korxona loyihasi alohida eslatib o‘tildi.

Davlat rahbari ummonlik tadbirkorlarni O‘zbekistondagi istiqbolli loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirdi. U investorlar uchun qulay sharoitlar, ishonchli muhit va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishda har tomonlama ko‘makni ta’minlashga va’da berdi.

Shu bilan birga, Mirziyoyev Ummondagi biznes va xorijiy investitsiyalar uchun yaratilgan imkoniyatlarni yuqori baholadi. O‘zbekiston kompaniyalariga sultonlik bozoriga yanada faol chiqish taklif etilmoqda.

Prezident forum ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy va investitsiyaviy sheriklikni «yangi amaliy mazmun bilan boyitishga» xizmat qilishiga ishonch bildirdi.


manba
Axborot ko`magi