Press-relizlar
45 dan ortiq mamlakat vakillari Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi va investitsiya forumida jam bo‘ladi

2026-yil 24-noyabr | Toshkent, O‘zbekiston
2026-yil 25–27-noyabr kunlari CAEx Uzbekistan ko‘rgazmalar majmuasida “Ipak yo‘lida turizm” 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi hamda Birinchi xalqaro turizm investitsiya forumi bo‘lib o‘tadi. Tadbirda 45 dan ortiq mamlakat vakillari, 600 dan ziyod xorijiy kompaniya va 20 ga yaqin xalqaro tashkilotlar ishtirok etishi kutilmoqda. Dastur doirasida xalqaro turistik yo‘nalishlar va O‘zbekistonning investitsiya imkoniyatlari taqdimotlari, ishbilarmonlik muzokaralari hamda sohani rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan muhokamalar o‘tkaziladi.
Tadbir tashkilotchilari — O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi va uning huzuridagi “Milliy PR-markazi” davlat muassasasi. Ko‘rgazma operatori — Iteca Exhibitions xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi.
Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi o‘ttiz yildan ortiq vaqt mobaynida Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda dunyoning turli davlatlaridan turizm sohasi yetakchi vakillarini bir maydonda birlashtirib kelayotgan nufuzli xalqaro platforma hisoblanadi. Joriy yilda yarmarka ekspozitsiyasida Belarus, Chexiya, Germaniya, Gruziya, Hindiston, Eron, Italiya, Malayziya, Maldiv orollari, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Tailand, Turkmaniston, Turkiya, O‘zbekiston, Xitoy / Gonkong va Vyetnam davlatlaridan kompaniya hamda tashkilotlar ishtirok etadi.
Milliy pavilyonlarda madaniy-tarixiy yo‘nalishlar, dengizbo‘yi va tog‘ kurortlari, gastronomik sayohatlar, sog‘lomlashtirish dasturlari hamda yangi turistik mahsulotlar namoyish etiladi. Jumladan, Ajariya tashrif buyuruvchilarni Gruziyaning Qora dengiz sohilidagi dam olish imkoniyatlari bilan, Belarus sanatoriy-kurort va ekologik turizm yo‘nalishlari bilan, Malayziya Visit Malaysia 2026–2027 kampaniyasi doirasidagi turistik manzillari bilan, Gonkong esa shahar turizmi va madaniy hordiq imkoniyatlari bilan tanishtiradi.
O‘zbekiston mamlakatning barcha 14 hududi, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrining turizm salohiyatini namoyish etadi. Hududiy ekspozitsiyalarda Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan tarixiy shaharlar, tabiiy va tog‘ turizmi yo‘nalishlari, gastronomiya, hunarmandchilik, sog‘lomlashtirish turizmi hamda yangi sayohat imkoniyatlari taqdim etiladi.
Yarmarkaning ishbilarmonlik dasturidan B2B uchrashuvlar, turistik mahsulotlar taqdimotlari, sohaviy muhokamalar va xalqaro hamkorlar bilan muzokaralar o‘rin olgan. Tashrif buyuruvchilar turoperatorlar, aviakompaniyalar, mehmonxonalar va dam olish hududlarining takliflari bilan tanishish, shuningdek, madaniy va gastronomik tadbirlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
TXTY–2026 doirasidagi asosiy tadbirlardan biri Birinchi xalqaro turizm investitsiya forumidir. Forum O‘zbekistonning turizm infratuzilmasini rivojlantirish va istiqbolli loyihalarga xalqaro kapitalni jalb etishga bag‘ishlanadi. Mazkur forum ilk bor davlat organlari, xalqaro moliya institutlari, investitsiya kompaniyalari, quruvchi kompaniyalari va mehmonxona biznesi vakillarini mamlakat turizm sohasiga sarmoya kiritishning aniq imkoniyatlarini muhokama qilish uchun ixtisoslashgan maydonda birlashtiradi.
O‘zbekistonning investitsiya salohiyati turizm bozoridagi o‘sish ko‘rsatkichlari bilan mustahkamlanmoqda. 2026-yilning yanvar–oktabr oylarida mamlakatga 11,6 million nafar xorijiy turist tashrif buyurdi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19 foizga ko‘pdir. Turizm xizmatlari eksporti 49 foizga oshib, 6,1 milliard AQSH dollariga yetdi. Turistlar oqimining ortishi mehmonxona infratuzilmasi, zamonaviy kurortlar, transport xizmatlari va yangi turistik mahsulotlarga qo‘shimcha talabni shakllantirmoqda.
Mamlakatda Hilton, Hyatt, Marriott, Wyndham, Radisson, Accor va boshqa kompaniyalarni o‘z ichiga olgan 31 ta xalqaro mehmonxona brendi faoliyat yuritmoqda. Mehmonxona sektorining yanada rivojlanishi investitsiyalarni rag‘batlantirishga qaratilgan davlat mexanizmlari bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, yangi quriladigan uch yulduzli mehmonxonalar uchun har bir xona hisobiga 40 million so‘m, to‘rt va besh yulduzli mehmonxonalar uchun esa 65 million so‘m miqdorida subsidiya ajratilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, mehmonxona loyihalari uchun soliq imtiyozlari va imtiyozli moliyalashtirish mexanizmlari amal qilmoqda.
Hududlarda investitsiya kiritish uchun ham qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilmoqda. 2026–2028-yillarda joylashtirish vositalari va turistik hududlarni tashkil etish maqsadida jami 5 000 gektar yer uchastkalarini elektron auksion savdolariga chiqarish rejalashtirilgan. Ayrim mehmonxona loyihalari uchun davlatning yer uchastkasi qiymatining 50 foizigacha bo‘lgan miqdorda kapitalda ishtirok etishi hamda davlat ulushini keyingi o‘n yil davomida qayta sotib olish imkoniyati nazarda tutilgan.
Investitsiya forumi doirasida mehmonxona biznesi, kurort va rekreatsiya infratuzilmasi sohasidagi istiqbolli loyihalar, shuningdek, investorlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari taqdim etiladi. Dasturdan panel muhokamalari, loyiha taqdimotlari hamda G2B va B2B formatlaridagi bevosita muzokaralar o‘rin olgan. Bu potensial investorlarga davlat tuzilmalari, loyiha tashabbuskorlari va xalqaro moliya institutlari vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish imkonini beradi.
Ishbilarmonlik va investitsiya dasturidan tashqari, TXTY–2026 turizmni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish va raqamlashtirishning yangi yondashuvlarini muhokama qilish maydoniga ham aylanadi. Global Media Campus jurnalistlar, xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar va turizm kommunikatsiyalari mutaxassislarini birlashtiradi. Ishtirokchilar mamlakatlarning turistik imijini shakllantirishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni, raqamli kontentning zamonaviy formatlari va xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qiladilar.
Yarmarka doirasida Smart Destination Hackathon ham o‘tkaziladi. Uch kun davomida jamoalar ishbilarmonlik turizmi (MICE), sayohatlar va turistik yo‘nalishlarni shaxsiylashtirish, shuningdek, kichik turizm biznesini raqamlashtirish bo‘yicha texnologik yechimlar ishlab chiqadilar. Umumiy mukofot jamg‘armasi 150 million so‘mni tashkil etadi.
Dasturga alohida xalqaro ahamiyat bag‘ishlaydigan voqea — 27-noyabr kuni Tashkent City Congress Hall majmuasida BMT Turizm (UN Tourism) bilan hamkorlikda “2027-yil — Xalqaro barqaror va bardoshli turizm yili” tashabbusining rasmiy ochilish marosimi o‘tkazilishidir.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston tomonidan ilgari surildi va xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi. 2024-yil 26-fevral kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi BMTga a’zo 80 dan ortiq davlat hammuallifligidagi tegishli rezolyutsiyani qabul qildi.
Xalqaro yil turizmning barqaror iqtisodiy rivojlanishdagi o‘rni, madaniy va tabiiy merosni asrab-avaylash, sohaning global tahdidlarga bardoshliligini oshirish hamda mahalliy hamjamiyatlar uchun imkoniyatlarni kengaytirishga e’tibor qaratishga xizmat qiladi. Marosim doirasida barqaror va bardoshli turizm sohasidagi xalqaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Toshkent deklaratsiyasini qabul qilish ham rejalashtirilgan.
Toshkentda ushbu tadbirlarning o‘tkazilishi turistik yo‘nalishlarni targ‘ib qilish, investitsiya loyihalarini taqdim etish va barqaror rivojlanish bo‘yicha xalqaro kun tartibini muhokama qilish imkoniyatlarini birlashtiradi. Ishtirokchilar uchun bu yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, O‘zbekistonning investitsiya salohiyatini o‘rganish va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash imkoniyatidir.
O‘tkazilish sanalari: 2026-yil 25–27-noyabr.
O‘tkazilish joyi: CAEx Uzbekistan, Toshkent.
“2027-yil — Xalqaro barqaror va bardoshli turizm yili” tashabbusining rasmiy ochilish marosimi: 27-noyabr, Tashkent City Congress Hall, Toshkent.
Ma’lumot uchun
“Ipak yo‘lida turizm” 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi 2026-yil 25–27-noyabr kunlari CAEx Uzbekistan ko‘rgazmalar majmuasida bo‘lib o‘tadi. Tadbir turizm sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qilish va ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatishga xizmat qiluvchi xalqaro maydon hisoblanadi.
Yarmarka doirasida ilk bor Birinchi xalqaro turizm investitsiya forumi o‘tkaziladi. Forum turizm sohasiga investitsiyalarni jalb etish, istiqbolli loyihalarni taqdim etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.
OAV uchun aloqalar:
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi huzuridagi “Milliy PR-markazi” DM
Elektron pochta: traveluzbekistan@nationalprcentre.com | info@nationalprcentre.com
Rasmiy turistik portal: www.uzbekistan.travel
Rasmiy qo‘llab-quvvatlash:
• Butunjahon turizm tashkiloti («UN Tourism»)
• O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi
• O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi
• Toshkent shahar hokimligi
• O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi
Hospitality Partner:

Heritage Hospitality Partner:

Rasmiy aviatashuvchi:

Hamkorlar:

Rasmiy transport-logistika hamkori:

Texnik hamkor:

Bosh informatsion hamkor:

Informatsion qo‘llab-quvvatlash:
