Press-relizlar
31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi — «Ipak yo‘lida turizm – TITF 2026» ko‘rgazma ekspozitsiyasi to‘g‘risida ma’lumotnoma

31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi – «Ipak yo‘lida turizm – TITF 2026» hamda Birinchi xalqaro turizm investitsiya forumi 2026-yil 25–27-noyabr kunlari CAEx Uzbekistan ko‘rgazma majmuasida bo‘lib o‘tadi. Tadbirda 45 dan ortiq mamlakat vakillari, 600 dan ziyod xorijiy kompaniya hamda 20 ga yaqin xalqaro tashkilotlarning ishtirok etishi kutilmoqda. Tadbir dasturi xalqaro turizm yo‘nalishlari, O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati va imkoniyatlari taqdimotlari, ishbilarmonlik muzokaralari hamda turizm sohasini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishni o‘z ichiga oladi.
Tashkilotchilar — O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi huzuridagi Milliy PR-markaz. Ko‘rgazma operatori — Iteca Exhibitions xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi.
Joriy yilda ko‘rgazma ekspozitsiyasida quyidagi mamlakatlardan kelgan kompaniyalar ishtirok etmoqda: Belarus Respublikasi, Eron, Germaniya, Gruziya, Hindiston, Malayziya, Maldiv orollari, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Rossiya, Tailand, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston, Vyetnam, Xitoy / Gonkong, O‘zbekiston va Chexiya.
O‘zbekiston ulkan turistik salohiyatga ega bo‘lib, Markaziy Osiyoning turizm xaritasida eng istiqbolli yo‘nalishlardan biri sifatida haqli ravishda e’tirof etiladi. Buyuk Ipak yo‘lining qoq markazida joylashgan mamlakat o‘zining boy tarixiy va madaniy merosini avaylab asrash bilan birga, zamonaviy turizmni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni ham keng ochib bermoqda. Bugungi kunda mamlakatning tarixiy shaharlari ko‘p asrlik an’analarni jadal rivojlanayotgan shahar hayoti, zamonaviy infratuzilma, dam olish va hordiq chiqarishning rang-barang imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirmoqda. Sayyohlar uchun madaniy-ma’rifiy va ziyorat turizmidan tortib, gastronomik, ekologik, sog‘lomlashtirish hamda biznes turizmigacha bo‘lgan turli yo‘nalishlar taklif etilmoqda.
Infratuzilmani modernizatsiya qilish, transport qatnovi qulayligini oshirish, zamonaviy joylashtirish vositalari va dam olish maskanlarini barpo etish milliy turistik mahsulotning jozibadorligini yanada yuksaltirib, xorijiy sayyohlarni jalb etish, investitsiyalarni kengaytirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash uchun yangi istiqbollarni ochmoqda. Turizm qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–oktyabr oylarida O‘zbekistonga turistik maqsadlarda 11,6 million nafar xorijiy fuqaro tashrif buyurgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,4 foizga ko‘pdir.
TITF 2026 yarmarkasida ichki turizmga alohida o‘rin ajratiladi. O‘zbekiston milliy ekspozitsiyasida mamlakatning barcha 14 ta hududi, jumladan, poytaxt — Toshkent shahri ham keng namoyish etiladi. Hududiy turizm boshqarmalari tashrif buyuruvchilarni tabiiy hamda tarixiy-madaniy diqqatga sazovor joylar, mahalliy an’analar va hunarmandchilik, turistik yo‘nalishlar, mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalari, sanatoriy-sog‘lomlashtirish majmualari hamda gastronomik takliflar bilan tanishtiradi. Mehmonlar O‘zbekistonning turistik mahsulotlari naqadar rang-barang ekaniga guvoh bo‘ladilar: madaniy-ma’rifiy sayohatlardan tortib, tog‘, ekologik, gastronomik va sarguzasht turizmigacha bo‘lgan turli yo‘nalishlar taqdim etiladi.
Milliy pavilyon formatida quyidagi mamlakatlar ishtirok etadi: Belarus Respublikasi, Gruziya, Malayziya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya, Xitoy / Gonkong va Chexiya.
Ozarbayjon kirish va chiqish turizmi, VIP va korporativ xizmatlar yo‘nalishida faoliyat yurituvchi turistik kompaniyalarni birlashtiradi. Ular orasida Luxury Diamond Travel, Bee Tours, Habiba Travel Group va Smile Tour kabi kompaniyalar mavjud. Shuningdek, mamlakat ekspozitsiyasida onlayn platformalar ham taqdim etiladi. GetTripTo platformasi aviachiptalar, mehmonxonalar, avtomobil ijarasi, vizalar va sug‘urta xizmatlarini izlash hamda taqqoslash imkonini beradi. Rustar Tourism esa turistik kompaniyalar uchun mehmonxonalardagi mavjud xonalar va chegirmalar haqidagi dolzarb ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan bronlash tizimini taklif etadi.
Belarus Respublikasi turizm imkoniyatlarining keng ko‘lamini — Minsk shahri bo‘ylab ekskursiya yo‘nalishlari va madaniy-ma’rifiy sayohatlardan tortib, agroturizm va ekoturizm, sanatoriy-kurort hamda biznes turizmigacha bo‘lgan yo‘nalishlarni taqdim etadi. «Minsk» axborot-turizm markazi mehmonlarni poytaxtning diqqatga sazovor joylari va ekskursiya dasturlari bilan tanishtiradi. Original Tour, «Belarusturist» va Travel Agency BY turoperatorlari mamlakat bo‘ylab sayohat qilishning turli variantlarini taklif etadi. Sog‘lomlashtirish va hordiq chiqarish yo‘nalishi «Sosny» («Qarag‘aylar») va «Sputnik» sanatoriylari hamda «Braslav ko‘llari» majmuasi tomonidan namoyish etiladi. Mehmonxona sektori esa «Viktoriya» va «Minotel» mehmonxonalar hamda restoranlar tarmoqlari orqali taqdim etiladi.
Gruziya Kavkaz mintaqasining sayyohlik salohiyati va Ajariya hududining xalqaro sayyohlar uchun keng imkoniyatlarini namoyish etadi. Ajariya Turizm va kurortlar departamenti tashrif buyuruvchilarni mintaqaning turistik mahsulotlari bilan tanishtiradi. Assistance Tour kompaniyasi esa Kavkazning uch mamlakati — Gruziya, Armaniston va Ozarbayjonni qamrab olgan kirish turizmi bo‘yicha kompleks sayohat dasturlarini taklif etadi. Ushbu dasturlar ekskursiyalar, joylashtirish, transport xizmatlari hamda professional gid hamrohligini o‘z ichiga oladi.
Xitoy milliy stendi materik Xitoy va Gonkongning turistik takliflarini birlashtiradi. Unda mehmonxona xizmatlari, ekskursiya dasturlari, ko‘ngilochar maskanlar va biznes turizmi yo‘nalishlari keng namoyish etiladi. Ishtirokchilar orasida Gonkongdagi 11 ta va Shanxaydagi 2 ta mehmonxonani birlashtirgan Harbour Plaza Hotels & Resorts tarmog‘i, 468 ta xonasi va tadbirlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan 10 ta maydonga ega New World Millennium Hong Kong Hotel, Sheraton Hong Kong Hotel & Towers hamda Mira Hotel Collection mavjud. Splendid Tours & Travel va URTravel turistik kompaniyalari ekskursiya, transport va chiptalar xizmatlari, shuningdek, MICE-dasturlarni taqdim etadi. Gonkongning diqqatga sazovor maskanlari qatorida Ocean Park tematik bog‘i va Ngong Ping 360 kanat yo‘li alohida o‘rin tutadi. Uning yo‘nalishi Lantau orolining maftunkor manzaralari uzra o‘tib, tog‘lar, dengiz va mashhur Katta Budda haykalining betakror panoramali ko‘rinishlarini tomosha qilish imkonini beradi.
Qirg‘iziston turizm imkoniyatlarining rang-barangligini — treking, alpinizm va ot sayohatlaridan tortib, Issiqko‘l sohillarida dam olish, madaniy-ma’rifiy va etnografik sayohatlargacha bo‘lgan yo‘nalishlarni taqdim etadi. Ekspozitsiyada mamlakatning to‘qqizta mahalliy turoperatori hamda Janubiy turistik destinatsiyasining takliflari birlashtiriladi. Tashrif buyuruvchilar faol dam olishni xush ko‘ruvchilar uchun mo‘ljallangan sayohat yo‘nalishlari, tabiiy diqqatga sazovor maskanlar va yil davomida turizmni rivojlantirish imkoniyatlari bilan tanishadilar.
Chexiya sanatoriy-kurort, davolanish va SPA turizmi imkoniyatlarini taqdim etadi. Ushbu yo‘nalish Yevropaning sog‘lomlashtirish borasidagi ko‘p asrlik an’analari va velnes-dasturlarni o‘zida mujassam etadi. Ishtirokchilar orasida Karlovi Vari shahridagi mahalliy mineral suvlardan foydalangan holda balneologik muolajalarni taklif etuvchi Hotel Venus va Thermal SPA-mehmonxonalari, shuningdek, Marianske-Lazne shahridagi Falkensteiner Spa Resort Marienbad hamda Ensana Health Spa Hotels mehmonxonalar tarmog‘i mavjud. Hotelis Spa & Wellness Hotels mehmonxonalari va Asistour turistik kompaniyasi ham tashrif buyuruvchilarni Yevropada davolanish va sog‘lomlashtirish maskanlarida hordiq chiqarish dasturlari bilan tanishtiradi.
Malayziya o‘zining rang-barang turistik takliflari — tropik orollarda hordiq chiqarish va rivojlangan infratuzilmaga ega kurortlardan tortib, gastronomik, sog‘lomlashtirish va ta’lim dasturlarigacha bo‘lgan imkoniyatlari bilan mehmonlarni hayratda qoldiradi. Ayniqsa, o‘zining sohillari, qadimiy tropik o‘rmonlari va YUNESKOning Global geopark maqomi bilan mashhur Langkavi oroliga alohida e’tibor qaratiladi. Mehmonxona sektori Kuala-Lumpurdagi Petronas egizak minoralari yaqinida joylashgan The RuMa Hotel KLCC, Sunway Putra Hotel Kuala Lumpur hamda Redang orolidagi Taaras Beach & Spa Resort kurorti tomonidan namoyish etiladi. Embassy Alliance Travel va Overseas Living (MM2H) turistik kompaniyalari tashrif buyuruvchilarni xizmat safarlarini tashkil etish, ta’lim va sog‘lomlashtirish turizmi imkoniyatlari, shuningdek, «Malayziya — mening ikkinchi uyim» dasturi bilan tanishtiradi. Ta’lim yo‘nalishi Education Malaysia Global Services hamda oliy ta’lim, qisqa muddatli o‘quv kurslari va talabalar almashinuvi dasturlarini taklif etuvchi Malayziya universitetlari ishtirokida yanada boyitiladi.
Tojikiston mamlakatning yetakchi turistik kompaniyalari takliflarini taqdim etib, tashrif buyuruvchilarni respublika bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlari bilan tanishtiradi. Mehmonlar mahobatli tog‘ manzaralari, zilol suvlari bilan ko‘zni quvontiruvchi baland tog‘ ko‘llari, qadimiy tarixiy yodgorliklar, boy madaniy meros va Sharqona mehmondo‘stlik an’analarini kashf etish imkoniga ega bo‘ladilar. Milliy turistik kompaniyalarning ishtiroki yangi sayohat yo‘nalishlari bilan tanishish, hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish va yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish uchun ham muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Turkiya mamlakatning yetakchi mehmonxonalari va turistik agentliklarini taqdim etadi, shuningdek, tashrif buyuruvchilarni Turkiyaning mashhur turistik va sog‘lomlashtirish yo‘nalishlari, kurortlarda dam olish hamda sanatoriy-sog‘lomlashtirish turizmi imkoniyatlari bilan tanishtiradi.
Rossiya Federatsiyasi nomidan yarmarkada Sankt-Peterburg Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi ishtirok etadi.
Ekspozitsiyaning alohida bo‘limi turoperatorlar va sayohatlarni tashkil etish yo‘nalishiga bag‘ishlanadi. Vyetnamning ABTOUR kompaniyasi individual sayohatlar, transport xizmatlari va MICE yo‘nalishidagi xizmatlarini taqdim etadi. Shuningdek, kompaniya Selectum Noa Cam Ranh, CostaBella Nha Trang, Asteria Mui Ne va Vinpearl kabi hamkorlari bilan tanishtiradi. Tailandning Sayama Travel kompaniyasi kirish turizmiga ixtisoslashgan bo‘lsa, Delight Asia DMC «Xitoy jozibasi» va «Yaponiya jozibasi» yo‘nalishlarini ilgari suradi. Singapur va Maldiv orollarida o‘z ofislariga ega Maldiv orollarining Reollo Travel kompaniyasi esa Kandima, Nova, Eri va Nautilus kurortlarini ulgurji bronlash va sotish xizmatlarini taklif etadi. Boshqa ishtirokchilar qatorida Germaniyaning Berliner Reisen kompaniyasi, Markaziy Osiyo bo‘ylab faoliyat yurituvchi O‘zbekistonning TURAN DMC kompaniyasi hamda kirish va chiqish turizmi dasturlarini taklif etuvchi CEO Travel kompaniyasini ham aytib o‘tish mumkin.
Ekspozitsiyaning yana bir alohida yo‘nalishi sayohatchilar uchun raqamli xizmatlarga bag‘ishlanadi. O‘zbekistonning EasyTrip platformasi turar joy, transport, eSIM va raqamli hamyon xizmatlarini yagona ilovada birlashtirgan holda taqdim etiladi hamda xalqaro hamkorlarni jalb etishga qaratilgan. ATTO esa shahar va mamlakat bo‘ylab safarlar uchun mo‘ljallangan mobil ilovasi hamda transport kartalarini namoyish etadi.
«SPA va tibbiy turizm» segmentida ayurveda markazlari, sanatoriy-kurort majmualari va SPA-mehmonxonalar taqdim etiladi. Ushbu bo‘lim salomatligini mustahkamlash va sog‘lomlashtirish maqsadida sayohat qiluvchilar uchun mo‘ljallangan. Hindistonning Somatheeram Ayurveda Group kompaniyasi ayurveda an’analariga asoslangan sog‘lomlashtirish dasturlari bilan tanishtiradi. O‘zbekiston Kasaba uyushmalari sanatoriy-kurort boshqarmasi esa yurak-qon tomir va asab tizimi, nafas olish organlari, tayanch-harakat apparati, ovqat hazm qilish tizimi hamda moddalar almashinuvi bilan bog‘liq kasalliklarni davolashga mo‘ljallangan dasturlarni namoyish etadi.
Mehmonxonalar ekspozitsiyasi turli mamlakatlarning xalqaro mehmonxona tarmoqlari, shahar mehmonxonalari va kurort majmualarini birlashtiradi. TITF 2026 hamkorlari sifatida Hyatt Regency Tashkent (Hospitality Partner) va Beldersoy Resort & SPA (Heritage Hospitality Partner) ishtirok etadi. Beldersoy Resort & SPA Tyanshan tog‘larida joylashgan, Destination by Hyatt brendi portfeliga kiruvchi besh yulduzli tog‘ kurortidir. Toshkentdan atigi bir yarim soatlik masofada joylashgan ushbu maskan yil davomida dam olish, faol hordiq chiqarish, gastronomik taassurotlar va o‘zining uch qavatli Spa & Wellness Centre markazida sog‘lomlashtirish dasturlaridan bahramand bo‘lish imkonini taqdim etadi. Mehmonxona sektorida, shuningdek, JW Marriott Hotel Tashkent, DoubleTree by Hilton, Courtyard by Marriott va Ramada Plaza by Wyndham, Wyndham Bukhara hamda Farovon Hotels Group o‘z xizmatlarini namoyish etadi. Tog‘ turizmi yo‘nalishi esa Layner Mountain Resort tomonidan taqdim etiladi.
Vyetnamdan Vinpearl, CostaBella va Asteria Mui Ne tashrif buyurib, dengiz sohilida «hammasi ichida» (all inclusive) xizmati va oilaviy dam olish imkoniyatlarini taqdim etadi. Malayziyani Petronas egizak minoralari yaqinida joylashgan RuMa Hotel KLCC, Sunway Putra Hotel Kuala Lumpur hamda Redang orolidagi Taaras Beach & Spa Resort taqdim etadi.
Ishtirokchilar, shuningdek, anjumanlar va biznes tadbirlarini o‘tkazish uchun maxsus maydonlar, restoranlar hamda kurortlarda dam olish imkoniyatlarini ham taklif etadi.
Aviatsiya yo‘nalishi milliy aviakompaniya va xalqaro havo tashuvchilari tomonidan taqdim etiladi. Iteca Exhibitions ko‘rgazmalarining rasmiy aviatashuvchisi – «Uzbekistan Airways» AJ xalqaro va ichki aviaqatnovlar yo‘nalishlari, shuningdek, Toshkent orqali amalga oshiriladigan tranzit va tutash reyslar imkoniyatlari haqida ma’lumot beradi. Kompaniya turoperatorlar va turistik agentliklarni hamkorlikka taklif etadi. Xitoyning China Southern Airlines aviakompaniyasi Xitoy bilan havo qatnovi imkoniyatlarini namoyish etadi. Belarus Respublikasining Belavia Airlines aviakompaniyasi Belarusni Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharq shaharlarining bog‘lovchi muntazam va charter reyslarini taqdim etadi. Indoneziyaning Batik Air aviakompaniyasi ichki va xalqaro yo‘nalishlar, jumladan, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bo‘ylab sayohat qilish imkonini beruvchi aviaqatnovlar haqida ma’lumot beradi. O‘zbekistonning Access Aviation kompaniyasi esa xususiy aviatsiya va individual charter reyslari xizmatlari bilan tanishtiradi. Ushbu xizmatlar biznes-klassda alohida parvozlarni tashkil etishdan tortib, murakkab xalqaro yo‘nalishlarni rejalashtirishgacha bo‘lgan imkoniyatlarni qamrab oladi.
TITF 2026 biznes dasturining muhim tarkibiy qismlaridan biri Bayyerlar dasturi bo‘lib, uning doirasida turistik xizmatlarning xalqaro xaridorlari va kompaniya-eksponentlar o‘rtasida maqsadli B2B uchrashuvlar tashkil etiladi. Mazkur platforma turoperatorlar, turistik agentliklar, mehmonxona biznesi vakillari va sohaning boshqa mutaxassislariga o‘z takliflarini bevosita taqdim etish, hamkorlik shartlarini muhokama qilish, yangi ishbilarmonlik hamkorlarini topish hamda qo‘shma loyihalar uchun mustahkam poydevor yaratish imkonini beradi. Dastur turizm sohasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish va xalqaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan.
TITF 2026 yarmarkasiga o‘ziga xos ruh va fayz bag‘ishlaydigan an’anaviy chiqishlar uning madaniy dasturining ajralmas qismiga aylanadi. Ular mehmonlarga turli mamlakatlarning milliy an’analari, o‘ziga xos madaniyati va ijodiy merosi bilan yaqindan tanishish imkonini berib, yarmarkada madaniy rang-baranglik va xalqaro madaniy almashinuv muhitini yaratadi.
TITF 2026 turizm sohasi mutaxassislari uchrashadigan, yangi yo‘nalishlar va xizmatlar taqdim etiladigan, ishbilarmonlik aloqalari o‘rnatiladigan hamda qo‘shma loyihalar muhokama qilinadigan muhim maydonga aylanadi. Yarmarka turli mamlakatlarning turizm biznesi vakillarini birlashtirib, tajriba almashish, yangi hamkorlarni topish, ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Tashkilotchilar:
• O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi
• O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi huzuridagi «Milliy PR-markaz» davlat muassasasi
Yarmarka operatori: Iteca Exhibitions xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi
Rasmiy qo‘llab-quvvatlash:
• Butunjahon turizm tashkiloti («UN Tourism»)
• O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi
• O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi
• Toshkent shahar hokimligi
• O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi
Hospitality Partner:

Heritage Hospitality Partner:

Rasmiy aviatashuvchi:

Hamkorlar:

Rasmiy transport-logistika hamkori:

Texnik hamkor:

Bosh informatsion hamkor:

Informatsion qo‘llab-quvvatlash:

Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun Iteca Exhibitions kompaniyasining matbuot xizmatiga murojaat qilishingiz mumkin:
Tel: + (998 71) 205 18 18 E-mail: pr@iteca.uz www.titf.uz