Yangiliklar
Xorazm viloyatida yil oxirigacha 81 ming kishini kambag‘allikdan chiqarish va 39 ming ishsizni ish bilan ta’minlashmoqchi
20 avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyati misolida mamlakatda bandlikni ta’minlash, aholi daromadlarini oshirish va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Yil boshidan buyon viloyatda 162 ming kishining daromadlari oshirildi, 29 ming fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 37 ming kishining norasmiy bandligi legallashtirildi.
Kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash doirasida 28,9 ming oiladan 126,6 ming kishi 40 mingdan ortiq xizmatdan foydalandi. Xususan, 12,4 ming kishi ishga joylashtirildi, 23,6 ming nafari tadbirkorlikka jalb qilindi, 3,3 ming nafari moliyaviy yordam oldi, yana 1,1 ming kishi kasb-hunar ta’limidan o‘tdi.
Natijada yil boshidan buyon «Ijtimoiy reyestr»ga kiritilgan 29 ming oiladan 127 ming kishining rasmiy daromadlari va moddiy ahvoli yaxshilandi. Bu oilalar kambag‘allikdan chiqarildi. Mintaqada kambag‘allik darajasi yil boshidagi 6,7% dan 3,9% ga tushdi.
Shu bilan birga, Xorazm viloyatida 39 ming ishsiz bor, yana 102 ming kishi mehnat migratsiyasida. Asosiy muammolardan biri sifatida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan ish izlovchilarning kasbiy tayyorgarligi o‘rtasidagi tafovut qayd etildi. Hozir mintaqada 50 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rni mavjud, biroq ularning bir qismi malakali kadrlar yetishmasligi sababli to‘ldirilmay qolmoqda.
Talabalarda amaliy ko‘nikmalar yetishmasligi muammosi alohida qayd etildi. O‘tkazilgan so‘rovlar natijasiga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalari talabalarining 63 foizi o‘qish jarayonida yetarli amaliy tayyorgarlik olmasligini bildirgan.
Shu munosabat bilan o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi muassasalarida amaliy o‘qitishni kuchaytirish, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari imkoniyatlaridan foydalanish vazifasi qo‘yildi. Xususan, universitetlarda kunning ikkinchi yarmida talabalarining kasbiy va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Viloyatda kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlashga 6,4 trln so‘m yo‘naltirildi. Jumladan, tijorat banklari resurslari hisobidan 2,1 trln so‘m miqdorida mahallalarda 1,5 trln so‘m kredit ajratildi, bu esa viloyatdagi barcha mahallalarni moliyaviy resurslar bilan qamrab olish imkonini berdi.
Prezident banklarning ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishga qo‘shgan hissasini mahallalardagi aniq natijalar bo‘yicha baholashni topshirdi. Banklar joylardagi imkoniyat va tashabbuslarni aniq biznes loyihalarga aylantiradigan «loyiha fabrikalari»ga aylanishi kerak.
Yil yakuniga qadar 18 ming kam ta’minlangan oiladan 81 ming kishini kambag‘allikdan chiqarish va 39 ming ishsizni doimiy ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
«Bu shunchaki raqamlar emas. Biz har bir insonga individual yondashuvni qo‘llashimiz, uning imkoniyatlarini yaxshi bilishimiz va shundan kelib chiqib, unga munosib ish topib berishimiz kerak», — dedi prezident.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun sanoat, xizmat ko‘rsatish, turizm, transport, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalaridagi investitsiya loyihalari jalb etiladi. Sanoat mikro markazlarida 250 ta yangi korxona tashkil etish, shuningdek, mahallabay bankirlar ishtirokidagi loyihalarni kengaytirish rejalashtirilgan.
Parrandachilik, chorvachilik, baliqchilik, mebel ishlab chiqarish, issiqxona xo‘jaligi va o‘simlikchilik sohalarida 36 ta kooperatsiya tashkil etiladi. Ularga 201 ta mahalladan 15,8 ming kam ta’minlangan oilani jalb qilish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 12 ta tayanch va 38 ta yondosh mahallada 1,1 mingta ish o‘rni yaratishi kerak bo‘lgan 70 ta «lokomotiv» loyiha amalga oshiriladi. Tadbirkorlik loyihalariga 650 mlrd so‘m ajratiladi, bu esa 2,5 mingta mikroloyihani amalga oshirish imkonini beradi.
Yangiariq tumanidagi Shihbog‘i mahallasini tayanch mahalla sifatida rivojlantirish rejasi alohida ko‘rib chiqildi. U bilan birga loyihaga Karmish, Sherobod va Kattabog‘ mahallalari ham kiritiladi. Ushbu hududlarda 18,2 ming kishi istiqomat qiladi va 319 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritadi.
Bu yerda sanoat zonasi, sanoat mikro markazi, zamonaviy bozor va xizmat ko‘rsatish sohasiga oid obyektlar barpo etish, intensiv bog‘ yaratish, shuningdek, chorvachilik va parrandachilik komplekslarini ishga tushirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, ichki yo‘llar, piyodalar va muhandislik infratuzilmasi yaxshilanadi.
Xorijiy konsalting tashkilotlari ishtirokida ushbu hududni rivojlantirish bo‘yicha master-reja ishlab chiqiladi va mahalliy loyihachilarning malakasi oshiriladi. Natijada 1,5 mingta barqaror ish o‘rni yaratish, aholi daromadlarini 20−30% ga oshirish va hududni kambag‘allik hamda ishsizlikdan xoli qilish rejalashtirilmoqda.
Taqdimot yakunlariga ko‘ra, davlat rahbari ehtiyojmand aholi qatlamlari bilan ishlashning amaldagi mexanizmlari va metodologiyasini to‘liq qayta ko‘rib chiqishni topshirdi. Kambag‘allikka qarshi kurash siyosatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha takliflarni tayyorlash va alohida videoselektor yig‘ilishida muhokama qilish rejalashtirilmoqda.
Manba