31- Xalqaro «Ipak yo`lida turizm – TITF 2026» ko`rgazmasi

25 - 27 noyabr 2026, CAEx Uzbekistan / Toshkent

Yangiliklar

Samarqandda Birinchi O‘zbekiston-Gruziya turizm forumi bo‘lib o‘tdi

17 avgust kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan Birinchi O‘zbekiston-Gruziya turizm forumi bo‘lib o‘tdi.

Forumda Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sanjar Tojiev, Gruziya turizm assotsiatsiyasi raisi Natali Kvachantiradze, shuningdek, ikki mamlakat turizm sohasining 80 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 2-3 iyul kunlari Gruziyaga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy davomi bo‘lib, ikki mamlakat sayyohlik kompaniyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan edi.

Forum davomida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab oldilar. Xususan, qoʻshma turistik paketlar va yangi yoʻnalishlarni yaratish, toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni kengaytirish, madaniy-tarixiy, sogʻlomlashtirish, tibbiy-rekreatsion, ziyorat, gastronomik, ekologik, sarguzasht va MICE turizmini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. O‘zaro tanishuv va media-turlar tashkil etish, raqamli platformalar orqali ikki mamlakatning sayyohlik imkoniyatlarini birgalikda targ‘ib qilish, xalqaro sayyohlik ko‘rgazmalarida birgalikda ishtirok etishga alohida e’tibor qaratildi.

Forumning muhim qismi ikki mamlakat turizm biznesi vakillarining bevosita ishbilarmonlik aloqalariga bag‘ishlandi. Xususan, taqdimotlardan so‘ng O‘zbekiston va Gruziya turoperatorlari o‘rtasida B2B formatidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, unda kompaniyalar hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini shakllantirish va yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish imkoniyatlarini bevosita muhokama qildi.

Gruziya turizm sohasi vakillari ham O‘zbekistonga tanishuv tashrifi doirasida mamlakatimiz sayyohlik mahsulotlari, madaniy meros obyektlari va zamonaviy infratuzilmalari bilan batafsil tanishdi. Bu aniq yo‘nalishlar imkoniyatlarini hisobga olgan holda turistik marshrutlarni yanada rivojlantirish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning yanvar-iyul oylarida Gruziyadan O‘zbekistonga sayyohlar oqimi 25,9 foizga oshgan. Umuman olganda, joriy yilning yetti oyida O‘zbekistonga 7,75 millionga yaqin xorijiy sayyoh tashrif buyurdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22,6 foizga ko‘pdir. Turizm xizmatlari eksporti qariyb 3,9 milliard AQSH dollarini tashkil etdi.



Manba

Axborot ko`magi