Yangiliklar
BAAning yirik mehmonxona operatorlarini O‘zbekiston sayyohlik bozoriga jalb etish istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekistonning Abu-Dabidagi elchixonasi tashabbusi bilan mamlakatimiz Turizm qo‘mitasi hamda BAA Iqtisodiyot va turizm vazirligi o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Unda BAA Iqtisodiyot va turizm vazirligining Turizmni rivojlantirish departamenti direktori Muhammad Al Ahbobiy ishtirok etdi.
Muloqot chog‘ida Amirlik tomoniga O‘zbekistonda turizm sohasini izchil rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirish, zamonaviy infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, xalqaro standartlarni joriy etish va sohaga xorijiy sarmoyalarni jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tomonlar O‘zbekistonda turizm infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan, BAAning yetakchi kompaniyalari – Ronga, Jumeirah Group, Emaar Hospitality Group, JA Resorts & Hotels, Five Hotels & Resorts, Habtahan Hospitality va Aldarni mehmonxonalar qurish va boshqarish loyihalariga jalb etish bo‘yicha hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
14—17-sentabr kunlari Dubay shahrida boʻlib oʻtadigan “Arabian Travel Market Dubai – 2026” xalqaro koʻrgazmasi doirasida hamkorlik memorandumini imzolashga tayyorgarlik koʻrish masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Amirlik tomoni joriy yilning 25-27-noyabr kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan “Ipak yoʻlida turizm – TITF 2026” 31-xalqaro koʻrgazmasida BAA sayyohlik kompaniyalarining ishtirok etishiga koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi.
Manba