31- Xalqaro «Ipak yo`lida turizm – TITF 2026» ko`rgazmasi

25 - 27 noyabr 2026, CAEx Uzbekistan / Toshkent

Yangiliklar (for all)

O‘zbekiston Markaziy Osiyoning eng jozibali sayyohlik yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda

O‘zbekiston jahon turistik xaritasidagi mavqeini nafaqat boy tarixiy merosi, balki ochiq turizm siyosati, zamonaviy infratuzilma va xalqaro aloqalarni kengaytirish hisobiga ham mustahkamlamoqda.

Bir vaqtlar asosan ziyorat yoki tarixiy-madaniy turizm yo‘nalishi sifatida tanilgan mamlakat endi gastronomik, ekologik, tibbiy va biznes-turizm nuqtai nazaridan ham qiziqish uyg‘otmoqda. Bu raqamlarda ham yaqqol aks etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonga turistik maqsadlarda 6 565 410 nafar xorijiy fuqaro tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 million kishiga yoki 24,9% ga ko‘pdir. Turistlarning eng katta qismi qo‘shni davlatlar ulushiga to‘g‘ri keldi. Qirg‘izistondan 1,87 million, Qozog‘istondan 1,55 million, Tojikistondan esa 1,47 million fuqaro keldi. Ushbu ko‘rsatkichlar mintaqaviy turistik aloqalar, chegara hamkorligi va transport qatnovining kengayib borayotganidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, Rossiyadan 585,5 ming, Afg‘onistondan 238,9 ming, Xitoydan 223,4 ming turistning kelishi O‘zbekistonning xalqaro bozorlardagi jozibadorligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Tahlilchilarning fikricha, turistlar sonining o‘sishidagi asosiy omillar – vizasiz rejimning kengayishi, yangi aviareyslarning ochilishi, mehmonxona infratuzilmasining rivojlanishi, mamlakatning xalqaro ko‘rgazmalarda faol targ‘ib qilinishi hamda Samarqand, Buxoro, Xivaga bo‘lgan qiziqishning ortishidir. O‘zbekiston xorijliklarni nafaqat tarixiy va me’moriy yodgorliklar, balki zamonaviy turistik xizmatlar, milliy taomlar, festivallar va ekologik turizm yo‘nalishlari bilan ham jalb etmoqda. Bu esa mamlakatning Markaziy Osiyodagi eng raqobatbardosh turistik markazlaridan biri sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlamoqda.

Yilning ikkinchi yarmiga rejalashtirilgan yangi xalqaro aviareyslar, qo‘shma turistik marshrutlar va yirik xalqaro tadbirlarni hisobga olgan holda, yil yakunida O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni bo‘yicha ko‘rsatkichlar yanada yuqori natijalarga erishishi kutilmoqda.

Manba: uza.uz

Axborot ko`magi