2025-yil 29-noyabr kuni “CAEx” xalqaro ko‘rgazmalar markazida “Ipak yo‘lida turizm” 30-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi (TXTY-2025) yakuniga yetdi. Yarmarka O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, “Milliy PR-markazi” DM va “Interforum” DUK tomonidan tashkil etildi.

Mazkur yarmarka O‘zbekistonni yorqin va istiqbolli sayyohlik yo‘nalishi sifatida targ‘ib qilishga salmoqli hissa qo‘shib, mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘rtasida yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun asosiy maydonga aylandi. Taqdim etilgan noyob sayyohlik yo‘nalishlari va hududlarning boy madaniy merosi mamlakatning turli burchaklariga qiziqishni oshirdi, hamkorlikni rivojlantirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. Bundan tashqari, yarmarka xalqaro miqyosda keng yoritildi – uni 100 dan ortiq nufuzli mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari yoritgani O‘zbekistonning jahon miqyosida taniqliligini oshirishga muhim hissa bo‘ldi.

Yarmarka doirasida uch kun davomida 44 ta stendda yuzdan ortiq mahalliy va xorijiy turizm sohasi vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, B2B uchrashuvlari tashkil etildi, ular davomida minglab muzokaralar o‘tkazildi va bir qator kelishuvlar imzolandi. Ta’kidlash joizki, bu yil Xitoy Xalq Respublikasi birinchi marta o‘z milliy stendi bilan yarmarkada qatnashdi. Ozarbayjon Respublikasining hamkor davlat maqomida ishtirok etishi alohida ahamiyat kasb etib, xalqaro hamkorlik doirasini kengaytirdi.

“Hosted Buyers” – professional xaridorlar dasturi bo‘yicha 10 ta xorijiy va 30 dan ortiq mahalliy turistik kompaniyalar ham ishtirok etib, yarmarka doirasida  minglab muzokaralar olib borildi va bitimlar imzolandi.

Yarmarkaga 15 mingdan ortiq kishi tashrif buyurdi, ular orasida 72 ta xorijiy davlat, jumladan, Fransiya, Germaniya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Gollandiya kabi davlat vakillari ham borligi e’tiborga loyiq.

Bundan tashqari, yarmarka doirasida tematik panel sessiyalari, mahorat darslari, “Uzairo” xalqaro aviatsiya forumi, dunyoning 30 dan ortiq mamlakatidan 200 dan ortiq oshpazlar ishtirokida “Delicious Uzbekistan” (“Mazali O‘zbekiston”) xalqaro pazandachilik chempionati, hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi, turizm ta’limi forumi, “Xalqaro turizm media-kampusi”, Etnoo‘yinlar festivali, “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” formatida birinchi turizm forumi hamda Islom hamkorlik tashkiloti turizm vazirlari konferensiyasiga raislik doirasida IHT turizm forumi kabi yirik tadbirlar o‘tkazildi.

Yarmarkaning yopilish marosimida kelgusi yilda 31-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi o‘tkazilishi e’lon qilindi va faol ishtirokchilar taqdirlandi.

TXTY-2024 statistikasi

300

Ishtirok etgan tashkilotlar

8000

Imzolangan shartnomalar

13500

Tashrif buyuruvchilar

60

OAVda yoritilgan