21-noyabr kuni “CAEx” xalqaro koʻrgazmalar markazida “Ipak yoʻlida turizm” 29-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi TXTY-2024 ning tantanali ochilishi boʻlib oʻtdi. Yarmarka tashkilotchilari – O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Turizm qo‘mitasi, “Milliy PR-markazi” DUK, “Team & Co Group” kompaniyasi. TXTY-2024 ning bosh hamkori “Uzbekistan Airways” AJ bo‘ldi. Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi bu yil ilk bor “CAEx” (Central Asian Expo Uzbekistan) xalqaro koʻrgazmalar markazida oʻtkazilmoqda.
Ma’lumot uchun:
Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi turizm mahsulotlarini targ‘ib qilish, hamkorlik uchun ishbilarmonlik aloqalari va munosabatlarini o‘rnatishga xizmat qiluvchi eng yirik axborot tadbiridir. So‘nggi o‘ttiz yil davomida TXTY turizm sohasidagi eng qiziqarli tadbirlardan biri sifatida o‘zini namoyon qildi va har yili Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) rasmiy ko‘magida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyodagi eng yirik tadbir hisoblanadi.
TXTY-2024 ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiev, “Uzbekistan Airways” Milliy aviakompaniyasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Umid Xusanov, Goa turizm vaziri Shri Rohan Kxaunte, Primorsk oʻlkasi gubernatori Oleg Kojemyako, BMT Turizm boshqarmasi Institutsional aloqalar, hamkorlik va targʻibot departamenti direktori Dilyor Hakimov, shuningdek, yarmarka ishtirokchilari, mahalliy va xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Shuningdek, yarmarkaning birinchi kunida yetakchi xalqaro va milliy ekspertlar ishtirokida “Ayrim hududlarning turizm salohiyati: turli yo‘nalishlar va rivojlanish imkoniyatlari bo‘yicha tadqiqotlar”, “Xitoy provinsiyalarining turizm salohiyati: an’analar bo‘ylab sayohat, tabiat va innovatsiyalar” mavzularida ikkita sessiya va xususiy loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
Ushbu yarmarka doirasida 19 ta xorijiy davlat ishtirok etayotgan sayyohlik koʻrgazmasi, turizm sohasidagi yetakchi xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirokidagi forum, shuningdek, turli mamlakatlar xususiy kompaniyalari vakillari oʻrtasida B2B uchrashuvlari, davra suhbatlari, sayyohlik xizmatlari va “Craft Fair Uzbekistan” hunarmandchilik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Shuni ham ta’kidlash joizki, TXTY-2024 butun dunyodan turizm biznesi mutaxassislarini birlashtiradi va bu sohaning barcha vakillari: yetakchi turizm va transport kompaniyalari, yirik mehmonxona tarmoqlari, diplomatik korpuslar, turizm sohasidagi ta’lim muassasalari xodimlari, shuningdek, MICE turizmi vakillari uchun samarali bo‘ladi.
TXTY-2024 ko‘rgazmasining o‘ziga xos jihati Rossiya Federatsiyasining Oltoy Respublikasi va Vladimir viloyati kabi mintaqalaridan yangi eksponentlar, shuningdek, Gruziya, Chexiya va Germaniya Federativ Respublikasining yangi kompaniyalari ishtirok etishida bo‘ldi. Ushbu kompaniyalar yangi yo‘nalishlardagi eksponentlar, jumladan kruiz sayohatlari bilan birgalikda ko‘rgazmada xalqaro ishtirok ko‘lamini sezilarli darajada kengaytiradi va ishbilarmonlik aloqalari hamda hamkorlik uchun noyob imkoniyatlar yaratadi.
Yarmarkaga tashrif buyuruvchilar va ishtirokchilar yangi sayyohlik yo‘nalishlari bilan tanishish va xorijiy mamlakatlarning rang-barang muhiti, madaniyati va an’analari bilan tanishish uchun noyob imkoniyatdan foydalanishlari mumkin. Shuningdek, O‘zbekistonning barcha hududlaridagi yangi manzillarning turizm salohiyatini baholash mumkin bo‘ladi.
TXTY-2024 O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyoda turizm sohasidagi eng yorqin xalqaro tadbir bo‘lib, mintaqadagi turizm sanoatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha umumiy sa’y-harakatlarni birlashtirgan holda turizm sohasidagi xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytiradi.
Ishtirok etgan tashkilotlar
Imzolangan shartnomalar
Tashrif buyuruvchilar
OAVda yoritilgan